April 4

Video materiallar bo‘yicha ochiq tanlov 

Ruscha

Joriy yilning 15 aprelidan 15 mayiga qadar ”O‘zbekneftgaz” AJ haqida nimalarni bilasiz?” mavzusida video tanlov o‘tkaziladi.

Tanlovni tashkil etishdan maqsad iste’molchilar o‘rtasida “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatini yanada kengroq targ‘ib etish, aholi tashabbuslari, ularning ijodiy qobiliyatlarini rag‘batlantirishdan iborat.

Unda Jamiyat tarkibiga kiruvchi barcha korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan 35 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlar hamda aholining yoshlar qatlami ishtirok etishlari mumkin.

Tanlovda ishtirok etuvchilar dastlab, Jamiyatning telegram va instagramdagi rasmiy kanallariga obuna bo‘lishlari talab etiladi.

Ishtirokchi “O‘zbekneftgaz” AJ haqida ma’lumot beruvchi faqat 1 dona videoni taqdim etish imkoniga ega. Ushbu videoni o‘zining instagramdagi sahifasiga joylaydi va “like”lar sonini kuzatish uchun @uzbekneftegaz_rasmiy sahifasi nomini belgilab qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Video syujeti va davomiyligi bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q.

Birinchi bosqichda eng ko‘p layk to‘plagan 10 nafar ishtirokchi ikkinchi bosqichga yo‘l oladi hamda ular tomonidan ishlangan videolar keyinchalik Jamiyatda foydalaniladi.

Tanlovning birinchi bosqichi natijalari 2024 yil 10 may, ikkinchi bosqich natijalari esa 13 may kuni “O‘zbekneftgaz” AJning instagramdagi sahifasida jonli efir orqali e’lon qilinadi.
Ishtirokchilarni baholashda artistik mahorati, videoning nomi ma’nosi bilan uyg‘unligi, ma’lumotlarning ishonchliligiga e’tibor qaratiladi.

Gʻolib va sovrindorlar 10 ballik shkala bo‘yicha to‘plangan eng yuqori ballar ketma ketligida aniqlanadi.

1-o‘rin g‘olibi “MacBook” (Apple) noutbuk, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan 2 nafar ishtirokchining har biri “iPad” (Apple) planshet, uch nafar 3-o‘rin sohiblarining har biri “iPhone” 15 pro telefon apparati (256 GB) bilan taqdirlanadi.

Gʻoliblikni qo‘lga kiritgan videolar Jamiyatning internetdagi rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi.

Gʻoliblar joriy yilning may oyida poytaxtda bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” ko‘rgazmasi doirasida taqdirlanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook