Import o‘rnini bosuvchi mahsulot va xizmatlarni o‘zlashtirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirish ishlari doirasida “O‘zbekneftgaz” mutaxassislarining “O‘zbekximmash zavodi”ga safari tashkil etildi.
Tadbir doirasida sanoat kooperatsiyasi, yangi turdagi mahsulot va xizmatlarni o‘zlashtirish masalalari hamda uzoq muddatli hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, so‘nggi ikki yil ichida korxonalar o‘rtasida 138 milliard so‘mlik imzolangan 15 ta shartnoma amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda ushbu zavodning Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan “E-KON” loyihasi uchun texnologik uskunalarni ishlab chiqarishdagi katta hissasini qayd etish zarur.
Navbatdagi uchrashuvda zavod mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan taqdimotda rejali ta’mirlashni tezlashtirish maqsadida zaxira qismlarni ishlab chiqarish muddatlarini qisqartirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Muzokaralar chog‘ida “O‘zbekximmash zavodi” hududida ta’mirlanishi kerak bo‘lgan uskunalarni saqlash va ularni yangilariga almashtirish bo‘yicha yagona “Trade in” markazini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Import o‘rnini bosuvchi uskunalar ishlab chiqarish, tajriba-sanoat sinovlari o‘tkazish, shuningdek, ularning texnik hujjatlarini birgalikda tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.
Bundan tashqari, apparatlar, quvurlar, issiqlik almashtirgichlar va boshqa uskunalarga termik ishlov berish orqali qoplamalarni qo‘llash borasida yangi texnologiyalarni joriy etishning iqtisodiy samaradorligini birgalikda ko‘rib chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.