Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash holati sarhisob qilindi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “O‘zbekneftgaz” xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan zavodda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbir xotin-qizlar jamoatchilik kengashining 2024 yilning 6 oydagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot bilan boshlandi. Korxonada xotin-qizlar mehnat sharoitlarini yaxshilash, kasbiy mahoratini oshirish, ta’lim olish borasidagi tashabbuslar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv muloqot tarzida o‘tkazilib, unda zavodda mehnat qilayotgan ayollar fikr-mulohazalari tinglandi. Ishtirokchilar ish muhiti, mehnat sharoiti va korporativ madaniyat haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Yig‘ilishning ikkinchi qismi istiqboldagi rejalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Yil yakuniga qadar xotin-qizlarning rahbarlik va texnik jihatdan murakkab lavozimlardagi mavqeini mustahkamlashga ko‘maklashuvchi ustoz va murabbiylik dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan.