December 19, 2025

Transformatsiya, tejamkorlik va gaz taʼminoti — tizim oldidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligida oʻtkazilgan ishchi yigʻilishda sohada shu paytga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi faoliyatning aniq ish tartibi va amaliy rejalari belgilab olindi. Unda Boshqaruv raisining oʻrinbosarlari, departament rahbarlari va masʼul xodimlar ishtirok etdi.

Yigʻilish kun tartibida 2026-yil uchun barcha yoʻnalishlar boʻyicha kompleks rejalarni ishlab chiqish, turli kredit yoʻnalishlarisiz barcha boʻgʻimda renovatsiyaga erishish, kompaniya faoliyatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish masalalar ustuvor etib belgilandi.

Uchrashuvda mahsulotlar tannarxini bosqichma-bosqich kamaytirish, neft bazalarida talon-tarojlik va noqonuniy holatlarning oldini olishga qaratilgan qatʼiy chora-tadbirlarni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, kompaniyada transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, iqtisodiy blok faoliyatini tanqidiy tahlil qilish, ortiqcha sarf-xarajatlarni keskin qisqartirish hamda mavjud mablagʻlarni, eng avvalo, geologiya-qidiruv ishlari va qazib chiqarish hajmlarini tubdan yaxshilashga yoʻnaltirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Qishning qirovli kunlarida qazib chiqarishni barqarorlashtirish va aholini gaz bilan taʼminlash davlat siyosatida ustuvor ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi. Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan asosiy vazifa — avvalo xalq manfaatlarini koʻzlash, energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish va ijtimoiy barqarorlikni saqlash ekani qayd etildi.

Ushbu yondashuv sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini belgilab berib, “Oʻzbekneftgaz” AJ faoliyatini prezident siyosatining amaliy ifodasi sifatida yanada samarali tashkil etishga qaratilganini koʻrsatadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati