Yakkayu yagona masala - gazni ko‘paytirish orqali tayyor mahsulot xajmini oshirish va iqtisodiy samaraga erishish
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida zavod mutasaddilari bilan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda korxona faoliyatining joriy holati batafsil tahlil qilinib, 2026 yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etish joizki, boshqarma Jamiyatning asosiy ishlab chiqarish tayanchlaridan biri bo‘lib, tabiiy gaz qazib chiqarishda 29%, gaz kondensatida 23%, suyultirilgan gaz ishlab chiqarishda 27% ulushiga ega.
O‘rganishlarda o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga quduqlarning suvlanishi, qatlam bosimining tushishi, tuz-rapa oqimlari hamda uskuna va quvurlardagi nosozliklar oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy to‘xtashlar sabab bo‘lgani aniqlandi.
Boshqaruv raisi tomonidan joriy yilda bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yilmaslik, muammolarni bartaraf etish, aniq tahliliy hisob-kitoblarga asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqish va Markaziy apparatdagi mas’ullar javobgarligi belgilandi.
Boshqaruv raisi omborlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, moddiy-texnika resurslari ro‘yxatini shakllantirish, ulardan oqilona foydalanish hamda muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni undirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi.
2026 yil uchun importni qisqartirish dasturi, shuningdek, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Unda investitsiya loyihalari va оperatsion faoliyatda mahalliy kontent ulushini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Energiya samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha 30 MVt quvvatli qayta tiklanuvchi manbalarni joriy etishga qaratilgan aniq hisob-kitoblarni taqdim etish va elektrda ishlaydigan kichik kompressor stansiyalarining ish rejimini optimallashtirish orqali energiya sarfini kamaytirish vazifasi belgilandi.
Gaz qazib olish xajmlarini oshirish uchun 8 ta yangi geologiya-qidiruv maydonida ish boshlanishi, 7 ta yangi burg‘ilash uskunasini xarid qilish, mavjud konlar chuqurligini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida boshqarmada ishlab chiqarish barqarorligini tiklash, moliyaviy va ijro intizomini kuchaytirish, 2026 yilda qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha barcha topshiriqlar qat’iy nazoratda bo‘lishi ta’kidlandi.