Mutaxassislar "Stavrolen" MCHJda malaka oshirishmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ va “Lukoyl” AJ o‘rtasida tajriba almashish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, sheriklik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, korporativ boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Joriy yilning iyul oyida "O‘zbekneftgaz" AJ markaziy apparati va tizim korxonalari xodimlari Rossiya Federatsiyasining Stavropol o‘lkasida joylashgan “Stavrolen” MCHJ ishlab chiqarish bazasida malaka oshirishmoqda.
Amaliyot dasturi neft va gaz sanoatida import o‘rnini bosish texnologiyalariga zamonaviy yondashuvlarni, shuningdek xarid faoliyatini samarali boshqarish mexanizmlarini o‘rganishga qaratilgan.
Ishchi guruh ishlab chiqarish maydonida qo‘llaniladigan texnologik jarayonlar bilan tanishadi, korxonaning tegishli mutaxassislari bilan amaliy mashg‘ulotlar, ishchi sessiyalar va professional maslahatlashuvlarda ishtirok etadi.
Bunday tadbirlar mamlakatimiz neft-gaz sektori korxonalarining kasbiy bilimlarini chuqurlashtirish, tarmoq ekspertizasini kengaytirish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ma’lumot uchun: "Stavrolen" MCHJ Rossiyaning yetakchi neft-kimyo majmualaridan biri bo‘lib, "LUKOYL" guruhi tarkibiga kiradi. Zavod faoliyatining asosiy yo‘nalishi – gaz xom ashyosini qayta ishlash va yuqori sifatli neft-kimyo mahsulotlari: 300 ming tonna polietilen, 120 ming tonna polipropilen, shuningdek, benzil, vinilasetat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat.