March 5

Neft va gaz sohasida sa’y-harakatlar birlashtirilmoqda

Ruscha

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida energetika sohasida raqamlashtirish, sanoat xavfsizligi va xaridlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan mintaqaning yirik neft va gaz kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi.

Qabul davomida Ozarbayjon Prezidenti tomonidan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik hamkorlik jadal rivojlanib borayotganligi alohida ta’kidlanib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasi kengayib borayotganligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, Ozarbayjon rahbari tomonidan qo‘shma ishlab chiqarish va texnologik yechimlarni tatbiq etish nuqtai nazaridan ko‘p tomonlama hamkorlikning strategik ahamiyat kasb etishi ham ta’kidlandi. Ayniqsa, energetika sohasida texnologik avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, sanoat xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ma’lum qilindi.

Muloqot chog‘ida mintaqaning yirik neft va gaz kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi formatdagi istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ushbu jarayon nafaqat iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki butun mintaqada neft va gaz sanoatining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini qayd etdilar.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida xalqaro konferensiya doirasida neft va gaz sanoatida raqamlashtirish, sanoat xavfsizligi va texnologik avariyalarning oldini olish bo‘yicha qator muhim kelishuvlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar kompaniyalarning zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishi va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook