Kunlik qazib chiqarish hajmi 1,5 million kub metr bo‘lgan yangi quduq ishga tushirildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish orqali yangi uglevodorod zaxiralarini aniqlash va ularni qazib chiqishga qaratilgan muvaffaqiyatli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun 2D va 3D seysmoqidiruv ishlari natijasida bir qator yangi qatlamlar aniqlanmoqda.
2024 yilning dekabr oyida Ustyurt regionida amalga oshirilgan 3D seysmoqidiruv tadqiqotlari natijasida “Quyi sharqiy Berdax” maydonida burg‘ilash ishlari boshlangan edi.
2025 yilning 10 yanvar kuni mazkur maydondagi 4500 metr chuqurlikkacha burg‘ilangan 8-sonli qidiruv qudug‘ida olib borilgan sinov-o‘zlashtirish ishlaridan so‘ng kunlik hajmi 1,5 million kub metr bo‘lgan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olishga erishildi.
Mamlakatning tabiiy gaz zaxiralarini yanada kengaytirish maqsadida Ustyurt regionida qazib chiqarish ishlari davom etmoqda.