4 nafar rahbarga hayfsan va jarima jazolari berildi, 1 nafar masʼul ishdan olindi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligida oʻtkazilgan navbatdagi apparat yigʻilishida joriy yil I-choragi hamda “Dolzarb 100 kunlik” dasturi natijalari tanqidiy ruhda koʻrib chiqildi.
Boshqaruv raisi geologiya yoʻnalishini rivojlantirishga qaratilgan keng imkoniyatlar, ajratilayotgan moliyaviy resurslar va yaratilayotgan sharoitlarga qaramasdan, sohada kutilgan natijalarga erishilmayotganini tanqid qildi. Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan ishlar hajmi bilan ularning amaliy samarasi oʻrtasida jiddiy nomutanosiblik saqlanib qolmoqda.
Jumladan, investitsiyalarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari rasmiy jihatdan ijobiy baholanishi mumkin — reja 100,1 foizga bajarilgan. Biroq, mazmunan tahlil qilinganda, vaziyat mutlaqo boshqacha manzarani namoyon etmoqda. Oʻsish surʼati atigi 63,4 foizni tashkil etgan boʻlib, bu oʻtgan davrga nisbatan 111,4 mln dollar kam oʻzlashtirilganini anglatadi. Yaʼni, raqamlar ortida real pasayish va samaradorlikning yetarli emasligi yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Bunga masʼullar tomonidan koʻrsatkichlar ijrosiga yetarlicha eʼtibor berilmayotgani, mavjud zaxiralar ishga solinmayotgani sabab boʻlayotgani qayd etildi.
Barcha darajadagi rahbarlarga joriy yil 1-chorak yakuni boʻyicha ishlab chiqarish, moliyaviy-iqtisodiy hisobotlarni masʼul idora va tashkilotlarga topshirishdan avval yana bir bora tanqidiy koʻrib chiqib, reja ijrosi va oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berildi.
Shuningdek Jamiyat ishtirokidagi qoʻshma korxonalar faoliyatini tahlil qilish jarayonida ushbu yoʻnalishda tizimli muammolar mavjudligi aniqlandi. Xususan, ularning moliyaviy natijalari hamda iqtisodiy samara kutilgan darajada emasligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu nuqtayi nazardan, Jamiyat ishtirokidagi 9 ta qoʻshma korxonadan atigi 2 tasi dividend toʻlayotgani jiddiy muammo sifatida koʻrsatildi. Jamiyatda qoʻshma korxonalar faoliyati ustidan nazorat va monitoring tizimi samarasiz ekani qayd etildi.
Jumladan, asosiy korxonalardan biri — “Gissarneftgaz”. Loyiha qiymati 157 mln dollar boʻlib, 2016–2025-yillarga moʻljallangan reja koʻrsatkichi 13,2 mlrd kub metr gazni tashkil etgan. Amalda esa 2,2 mlrd kub metr (16,4%) ijro qilingan. Kondensat va neft qazib chiqarish koʻrsatkichlari ham orqada. Shu bilan birga xarajatlar 40 foizga, zarar 70 foizga oshgan. 550 nafar xodim faoliyat yuritadigan korxonada optimallashtirish ishlari amalga oshirilmagan. Ishchi xodimlarning oylik maoshlari ham oʻz vaqtida toʻlab berilmayapti.
Boshqaruv raisi tomonidan bankrot holatiga yaqinlashib qolgan korxona faoliyatini chuqur oʻrganish, zaxiralar samaradorligini qayta baholash, korxonani “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibiga qoʻshish boʻyicha muzokaralar boshlash topshirildi. Qoʻshma korxonalar bilan ishlashni samarali tashkil etmagani uchun Aktivlarni boshqarish departamentining Investitsiya aktivlarini boshqarish boʻlimi boshligʻi lavozimidan ozod etildi.
Yigʻilish davomida ishlab chiqarish jarayonlaridagi uzilishlar, avariya holatlari hamda ularning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Xususan, Gazlida yuz bergan avariya holati tahlil qilindi. Boshqarmaning energetika tizimida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar sabab kompressor stansiyasi agregati toʻxtab qolgani natijasida kunlik qazib chiqarish hajmi 207 ming kub metrga kamayganiga e’tiroz bildirildi.
- Muddatini oʻtab boʻlgan eski quduqlar hisobiga gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlari pasayib borayotgan bir sharoitda, ayrim masʼullarning befarqligi sabab obyektlarda sodir boʻlayotgan avariyaviy toʻxtalishlar gaz hajmini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, - dedi Boshqaruv raisi.
Yigʻilish yakunida berilgan topshiriqlarga masʼuliyatsiz yondoshgani, yoʻl qoʻygan xatolari uchun Boshqaruv raisining qayta ishlash boʻyicha oʻrinbosari, Ishlab chiqarishni texnik tartibga solish departamenti rahbariga hayfsan eʼlon qilindi. Shuningdek, Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbarlariga oylik maoshining 50 foizini ushlab qolish boʻyicha topshiriq berildi. Shu bilan birga, ushbu holatni kelib chiqishiga sababchi boʻlgan boshqarma xodimlariga nisbatan intizomiy jazo koʻrish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Masʼullarga "Oʻzbekneftgaz" AJ bilan hamkorlikda tashkil etilgan qoʻshma korxonalar faoliyatini ham tahlil qilgan holda taklif kiritish topshirigʻi berildi.