November 4

Benzin zaxirasi 2,5 barobar oshgan boʻlsa, qishda AYOQSHlarda navbatlar qisqaradimi?

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan ushbu savolga “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining oʻrinbosari A.Xudoyberganov javob berdi.

— "Oʻzbekneftgaz" AJga qarashli AYOQSHlarda kuz-qish mavsumi uchun kafolatlangan zaxiralar shakllantirilgan boʻlib, hech qanday uzilishlar kuzatilmaydi. Yil boshida tizimda atigi 31 ta AYOQSH mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning soni 152 taga yetkazildi (qariyb 5 karra kengaydi). AYOQSHlar tarmogʻi kengayishi bilan yonilgʻi realizatsiyasi yil boshiga nisbatan 5–6 barobarga koʻpaydi. Har bir shoxobchada avtobenzinning (AI-92, AI-95) va dizel yonilgʻisining (Yevro-4, Yevro-6, Eko-dizel) kamida 2–3 xil turi doimiy sotuvda mavjud va zarur zahiralarga ega. Oxirgi 9–10 oy davomida benzin narxi 12 000 soʻmdan oshmadi, yaʼni 10 500 — 11 500 soʻmlik barqaror yoʻlakda qatʼiy ushlab turilibdi.

Viloyatlar, shahar markazlari va chekka qishloqlarda “Oʻzbekneftgaz” tizimiga qarashli boʻlgan AYOQSHlar boʻlgan, ammo ular toʻliq faoliyat yuritmagan. Noldan yangi AYOQSH qurish oʻrniga, birinchi bosqichda mavjud bino va hududlar yengil taʼmirlanib, foydalanishga yaroqli holga keltirildi. Ularga 90 ga yaqin yangi, yuqori aniqlikdagi yonilgʻi tarqatish kolonkalari olib kelinib oʻrnatildi. Shu tariqa, yil boshida faqat 31 ta AYOQSH ishlab turgan boʻlsa, ushbu qayta tiklash ishlari orqali ularning soni 152 taga yetkazilgan va sotuv hajmi ham 5–6 barobarga oshirildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 10 ta AYOQSH toʻliq raqamlashtirilib, sigʻimlarga elektron sath oʻlchagichlar qoʻyildi. Markaziy binomizda tashkil etilgan Vaziyatlar markazi orqali shoxobchalardagi yonilgʻi qoldigʻi, kunlik tarqatilish miqdori va belgilangan narxlar real vaqt rejimida onlayn monitoring qilib borilmoqda. Bundan tashqari, metrolog mutaxassislarimiz joylarga muntazam chiqib, kolonkalar yonilgʻini grammigacha toʻgʻri quyayotganini davlat standartlari asosida uzluksiz tekshirib bormoqda.

Maʼlumot uchun, ushbu kafolatlar bevosita “Oʻzbekneftgaz” AJ tarmogʻiga tegishli boʻlib, respublikadagi boshqa xususiy yonilgʻi tarmoqlari ham oʻz navbatida bozor qoidalari asosida ish olib boradi. Tez orada “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli AYOQSHlar joylashgan manzillar boʻyicha maʼlumot beriladi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati