Fuqaro muhofazasi tizimidagi hamkorlik amaliyoti
“Taxiatash neft bazasi” MCHJda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi.
O‘quv mashqi Favqulodda vaziyatlar vaziri B. Qudratxo‘jayev va Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh. Aminov rahbarligida tashkil etildi. Tadbir boshlanishidan oldin mas’ul rahbarlar tomonidan obyektdagi fuqaro muhofazasi tizimining holati va tayyorgarlik darajasi ko‘zdan kechirilib, mashqni boshlashga ruxsat berildi.
Dasturga muvofiq, Amudaryo havzasida suv sathining ko‘tarilishi natijasida suv toshqini yuzaga kelganligi haqidagi shartli xabar kelib tushdi. Obyekt rahbariyati topshirig‘i bilan neft mahsulotlarini xavfsiz hududga ko‘chirish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, xodimning ehtiyotsizligi tufayli kelib chiqqan shartli yong‘in holatida obyekt fuqaro muhofazasi tuzilmalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining doimiy shay holdagi xizmatlari bilan hamkorlikda yong‘inni bartaraf etish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va ishchi-xizmatchilarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
O‘quv mashqi yakunida kuzatuvchilar tomonidan ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari, favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarlik darajasi atroflicha baholandi. Natijada “Taxiatash neft bazasi” MCHJ fuqaro muhofazasi tuzilmalari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga “Tayyor” deb topildi.