“Kiberneftgaz” Oliy muhandislik maktabi vakillari neftni qayta ishlash jarayonida
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida muhandis kadrlarni tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda kibertexnologiyalar sohasida zamonaviy ta’lim standartlarini joriy qilish bo‘yicha qator topshiriqlar belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamkorligida Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bazasida “Kiberneftgaz” Oliy muhandislik maktabi tashkil etildi.
Maktabning ochilishi muhandislik salohiyatini rivojlantirish va neft-gaz sohasida zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etishda muhim qadam bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hamkorlik doirasida maktab vakillari Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlar amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv markaziga ekskursiya qilishdi.
Shuningdek, zavod hududidagi “Kiberneftgaz” maktabi talabalari uchun barpo etilgan amaliy tajriba orttirish imkonini beruvchi maxsus poligonda bo‘lishdi.
Ushbu o‘quv markazi va poligon sohada malakali kadrlar tayyorlashning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining bir qismi bo‘lib, talabalarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish bilan bir qatorda, haqiqiy ish jarayonlariga integratsiya qilish imkonini beradi.
Ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi nafaqat bo‘lg‘usi kadrlarning bilim darajasini oshirishga, balki mamlakatimizda zamonaviy bozor talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashga katta hissa qo‘shadi.