Xalqaro koʻrgazmalar samaradorligi va ijtimoiy masalalar muhokamasi
Bugun “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov rahbarligida oʻtkazilgan Apparat yigʻilishida jamiyatning xalqaro maydondagi ishtiroki, investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish hamda ishchi-xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid muhim masalalar muhokama qilindi.
Yigʻilish kun tartibida dastlab joriy yil 12–14-may kunlari oʻtkazilgan “Oʻzbekiston neft va gazi – OGU-2026” 28-xalqaro koʻrgazma va anjumani yakunlari tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi. Qayd etish joizki, mazkur tadbirda 34 davlatdan 580 ga yaqin kompaniya va moliyaviy tuzilmalar ishtirok etib, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan 50 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.
Shu bilan birga, tadbirga tayyorgarlik koʻrish, uni tashkil etish va oʻtkazish jarayoni tahlil qilinib, masʼullarga kelgusi yilgi tadbirni bundan ham yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, “OGU-2026” doirasida “SOCAR”, “British Petroleum”, “Baker Hughes”, “Schlumberger”, “Burintech”, “SinoSure” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan erishilgan qator muhim kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish yuzasidan “yoʻl xaritalari”ni tayyorlash topshirigʻi berildi.
Joriy yil 1–3-iyun kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtadigan “Baku Energy Week – 2026” xalqaro koʻrgazmasida “Oʻzbekneftgaz” AJning munosib ishtirokini taʼminlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Boshqaruv raisi ishchi-xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va sogʻlomlashtirish masalalari, xususan, tibbiy koʻrik natijalari asosida tizim korxonalarida mehnat qilayotgan xodimlar salomatligini tiklash, ularni malakali shifokorlar ishtirokida davolash, jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish hamda farzandlarining yozgi dam olishini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha masʼullarga vazifalar yuklatildi.
Yigʻilishda ishchi-xodimlarga sanatoriy va dam olish maskanlariga yoʻllanmalar ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, ortiqcha qogʻozbozlikni qisqartirish, shuningdek, sanatoriylar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ham aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.