Malayziya universitetida “O‘zbekneftgaz” mutaxassislarining malaka oshirish imkoniyatlari o‘rganildi
O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatimiz va Malayziya o‘rtasida tasdiqlangan “Yo‘l xarita”ga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJga ushbu davlatning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish vazifasi belgilangan.
Shu munosabat bilan o‘tgan yil bahorda Petronas texnologiya universiteti rektori Ibrohim Abdul Mutalib boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi davomida “O‘zbekneftgaz” AJ va Petronas universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Ushbu hujjat ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va birgalikda ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘ldi. Mazkur kelishuv doirasida Jamiyat mutaxassislari, shu jumladan Buxoro muhandislik-texnologiyalari instituti, Buxoro neft va gaz sanoati kolleji hamda “O‘zLITIneftgaz” AJ qoshidagi “Neft gaz malaka” o‘quv tadqiqot markazi vakillarining Malayziyaga xizmat safari tashkil qilindi.
Qayd etish joizki, Malayziyaning Petronas texnologiya universiteti neft, gaz va energetika sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha yuqori tajribaga ega. Universitet o‘zining zamonaviy kampusi, tadqiqotlar va innovatsiyalar yo‘nalishidagi yutuqlari bilan dunyoga tanilgan. O‘quv jarayoni va tadqiqotlar xalqaro darajada tashkil qilingan bo‘lib, talabalarga global standartlar asosida ta’lim olish imkoniyatini beradi.
Xizmat safari davomida ushbu universitetning zamonaviy ta’lim metodikalari, o‘quv dasturlari va qo‘llanmalari bilan tanishildi. O‘quv maskanida yaratilgan sharoitlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” xodimlarini universitetda o‘qitish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy tadqiqot hamda ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonda neft-gaz sohasidagi kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ta’lim dasturlari va mutaxassislar tayyorlash orqali, mamlakatlar o‘rtasida yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.