Majmua maslahat kengashi faoliyati yuqori baholandi
Yurtimizda xotin-qizlar hamda erkaklarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, jamiyat va davlat boshqaruvida teng ishtirok etishiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatda gender tengligini mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ishtiroki va faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda Qarshi shahar hokimligida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlash bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i, shuningdek, viloyatdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan maslahat kengashlari rahbarlari va a'zolari, davlat tashkilotlari mas'ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda majmuada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi va kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, kelgusidagi rejalar haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Bundan tashqari maslahat kengashining kelgusidagi vazifalari ham belgilab olindi. Jumladan, “Lider ayollar” klubini tashkil etish, xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, kiberxavfsizlik va huquqiy bilimlar bo‘yicha o‘quv seminarlar o‘tkazish, sport va madaniy tadbirlar sonini ko‘paytirish, shuningdek, og‘ir ijtimoiy holatga tushgan qolgan ayollarga psixologik yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Tadbir ishtirokchilari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori samara berayotganini, ayniqsa maslahat kengashi faoliyati alohida e'tiborga sazovor ekanini ta'kidlab o‘tishdi. Shu bilan birga, mazkur tajribani boshqa tashkilot va korxonalarda ham tatbiq etish mumkinligi qayd etildi.