Jamiyatni kompleks transformatsiya qilish dasturi ishlab chiqildi
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan transformatsiya ishlari yangi bosqichga o‘tmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad Jamiyatni barqaror rivojlantirish, rentabellik va operasion samaradorlikni oshirish, biznes jarayonlarini optimallashtirish, moliyaviy barqarorlik va investision jozibadorlikni oshirishdan iborat.
Qayd etish joizki, Jamiyat faoliyatini transformatsiya qilish hamda uni sifat jihatidan yangi bosqichiga olib chiqishda “UzAssets” investisiya kompaniyasi maslahatchilari bilan hamkorlik qilinmoqda.
Joriy yilning fevral oyida kompaniya vakillari va “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan dastlabki uchrashuvda Jamiyat faoliyatini “Kompleks transformatsiya qilish chora-tadbirlari” dasturi loyihasi muhokama qilingan edi. Unda taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqilib, istiqboldagi asosiy vazifalar belgilab olindi.
O‘tgan davr mobaynida xorijiy maslahatchilar ishtirokida 30dan ortiq uchrashuv o‘tkazildi. Ularda geologiya-qidiruv ishlari, texnologik tadbirlarni shakllantirish, xaridlar, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli strategik biznes-rejalar va ularni moliyalashtirish kabi qator yo‘nalishlar holati o‘rganilib, mavjud muammolarni aniqlash va maqsadli modelni ishlab chiqish ishlari amalga oshirildi.
Hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida tayyorlangan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 57 ta loyihani amalga oshirishni nazarda tutadi.
Bugungi kunda 12ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, qolgan loyihalar bo‘yicha tayyorgarliklar yakunlanmoqda.