Joriy yilning birinchi yarim yilligida 71 ming tonna polietilen granulasi sotildi
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ joriy yilning 1-yarim yilligida belgilangan savdo rejalarini muvaffaqiyatli bajardi. Xususan, majmuaning asosiy mahsuloti — polietilen granulasi birja savdolari orqali 71 ming tonna hajmda sotildi. Bu esa belgilangan rejaning 119 foizga bajarilganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, aholi ehtiyojlarini qondirish maqsadida “Hududgazta’minot” AJga 67 ming tonna suyultirilgan gaz mahsuloti yetkazib berildi.
Oltingugurt mahsulotiga bozordagi talabning ortishi tufayli ushbu mahsulotdan jami 1 616 tonna sotilib, rejaga nisbatan 316 foiz ijro ta’minlandi.
2025 yilda belgilangan rejalardan yana biri — N-butan va izo-butan mahsulotlarini alohida tovar sifatida birja savdolariga doimiy chiqarish amaliyotga joriy etildi. Ushbu mahsulotlar asosan parfyumeriya va yondirgich (zajigalka)lar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Shu davr mobaynida majmua tomonidan jami 24,3 mlrd so‘mlik tayyor mahsulot realizatsiya qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108 foiz o‘sishni tashkil etdi.
Aytish joizki, majmuaning “Qarshitermoplast” bo‘limida ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlariga bozorda talab oshib bormoqda. Chakana savdo ulushi 2024 yilning shu davriga nisbatan 125 foizga oshgan.