Bugundan “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan dizel narxi arzonlashtirildi
“Uzbekistan GTL” zavodi quvvatlarining bosqichma-bosqich ishga tushirilishi, ishlab chiqarish hajmining ortishi hamda iste’molchilarni sifatli va ekologik toza dizel yoqilg‘isi bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning 12 iyulidan boshlab Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali sotuvga qo‘yiladigan sintetik dizel yoqilg‘isi bir tonnasining boshlang‘ich narxi 10 116 972 so‘mdan 9 499 953,08 so‘mgacha arzonlashtirildi.
Shu bilan birga, “O‘zbekneftgaz” AJ yarim sintetik dizel yoqilg‘isining narxi bir tonna uchun 13 488 974 so‘mdan 11 673 687 so‘mgacha pasaytiriladi.
"GTL" dizel yoqilg‘isi “Yevro-6” standartining Yevropa sifat darajasiga javob beradigan zamonaviy va yuqori sifatli yoqilg‘idir.
"GTL" dizeli “Yevro-4” va undan yuqori standart yonilg‘ida ishlaydigan yengil avtomobillar va yuk mashinalari, shuningdek, mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan katta gabaritli va maxsus dizel yonilg‘ili transport vositalari uchun ideal tarzda mos keladi.