Yesterday

Noyabr–dekabr oylarida kunlik gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlari soatbay nazorat qilinadi

Bugun “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida kuz-qish mavsumida tabiiy gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlarini taʼminlash va belgilangan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Boshqaruv raisi noyabr–dekabr oylarida kunlik gaz qazib chiqarish koʻrsatkichlari soatbay nazorat qilinishini taʼkidladi.

Shu nuqtayi nazardan, yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha 23-oktyabrda berilgan topshiriqlar ijrosi, quduqlarni burgʻilash va taʼmirlash ishlarining borishi hamda qazib chiqarish koʻrsatkichlarini taʼminlashga qaratilgan geologik-texnik tadbirlar koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar hisobiga kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 1-oktyabrga nisbatan 1,8 mln kub metrga oshirilgani qayd etildi. Shu bilan birga, qazib chiqarishda kamaygan hajmlarni tiklash va kuz-qish mavsumi uchun belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida bajarish masalalari koʻrib chiqildi.

“Kondor” kompaniyasida 23-oktyabrda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida kunlik gaz qazib chiqarish hajmi 255 ming kub metrga oshirildi.

Muhokama davomida Shoʻrtan va Muborak boshqarmalarida reja koʻrsatkichlaridan ortda qolishlarni bartaraf etish hamda kuz-qish mavsumi uchun belgilangan geologik-texnik tadbirlar ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Quduqlarni burgʻilash va sinov ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, burgʻilash jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha kunlik rejalar ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini taʼminlash vazifalari qoʻyildi.

Shuningdek, quduqlarni taʼmirlash boʻyicha belgilangan ishlarni, jumladan, murakkab taʼmirlash tadbirlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, Xitoydan xarid qilingan taʼmirlash dastgohlarini Ustyurtdagi quduqlarga bosqichma-bosqich oʻrnatish hamda quduqlarda qiya yoʻnaltirish va chuqurlashtirish ishlarini boshlash vazifasi qoʻyildi.

2027-yilda 146 ta quduqni, jumladan, 96 ta izlov-qidiruv va 50 ta ishlatish qudugʻini burgʻilash rejalashtirilgan. Birinchi chorakda 18 ta quduqda ishlarni yakunlash belgilangan. Ushbu rejalarga tayyorgarlik doirasida 2026-yil yakunigacha Xitoydan keladigan yettita burgʻilash dastgohini bosqichma-bosqich montaj qilish va burgʻilash ishlarini boshlash koʻzda tutilgan.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati