38 nafar ishsiz fuqaro kasbga o‘rgatilib, xorijga yuborildi
Bugungi kunda mamlakatimizda professional ta'lim va aholi bandligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor berilmoqda. Bu sohada xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash va ularni xorijiy korxonalarda ish bilan ta'minlashga qaratilgan tashabbuslar ko‘plab ijobiy natijalarga olib kelmoqda. Buxoro neft va gaz sanoati kolleji ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiyaning “Gazprom neft” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida Buxoro neft va gaz sanoati kolleji va “FrakDjet-Volga” MChJ o‘rtasida ta'lim xizmatlari ko‘rsatishga oid shartnoma tuzildi.
Mazkur loyiha doirasida 40 nafar ishsiz fuqaro uchun kollejda o‘qish tashkil etilib, shundan 38 nafariga sertifikatlar topshirildi.
Kelishuvga muvofiq, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan 38 nafar fuqaro “FrakDjet-Volga” MChJga ishga yuborildi. O‘qish, aviachipta va yashash xarajatlari Rossiya kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bugungi kunda professional ta'lim sohasidagi bu kabi xalqaro loyihalar mamlakatimizda bandlikni ta'minlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlarning professional malakasini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Hamkor tashkilotlarning ehtiyojlari asosida bu boradagi ishlar davom etmoqda.