“O‘zbekneftgaz”: Andijondagi konlardan neft qazib olish hajmi oshirilmoqda
Ma’lumki, gaz konlarini qidirish va o‘zlashtirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda bir qancha qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.
“ANDIJANPETRO” qo‘shma korxonasi ham Vodiy hududidagi konlardan neft qazib olish hajmini oshirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish ishlari bilan shug‘ullanadi. Ushbu qo‘shma korxona “O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiyaning “Zarubejneft” AJ tomonidan 2019 yilda tashkil etilgan.
Qo‘shma korxona tomonidan ayni paytda “Zarubejneft” AJning zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda “Xartum”, “Sharqiy Xartum" va "Janubiy Olamushik" konlarda neft qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida shu paytga qadar quduqlar zaxirasi bo‘yicha jami 117 ta geologik-texnik chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Natijada joriy yilning 1 aprel holatiga neft qazib olish hajmi 58,8 ming tonnani tashkil etdi.
Investitsion loyiha doirasida 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi akkreditatsiya markazining texnik malaka tasdig‘i olinib yangi kimyoviy-analitik laboratoriyasi qurilib foydalanishga topshirildi.
Ayni paytgacha “Janubiy Olamushuk” konining 20 ta qudug‘ida telemexanika tizimi uskunalari o‘rnatilib, ishga tushirish va sozlash ishlari yakullandi. Hozirgi kunda “Xartum” va “Sharqiy Xartum” konlaridagi yana 20 ta quduqda telemexanikani kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Sarf xarajatlarni kamaytirish maqsadida qazib chiqarish ob’yektlariga energiya sarfini tejovchi uskunalar joriy qilinmoqda. Ushbu maqsadda 9 ta gidravlik va 2 ta shtangali nasoslarning chiziqli uzatmalari joriy etildi. Bu esa 1 ta quduqda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha operatsion xarajatlarni 80 foizgacha kamaytirishga imkon berdi.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, gidravlik uzatmadan foydalanilganda 1 ta quduqda sarflanadigan elektr energiyasini 50 foizgacha kamaytirishga erishiladi.
Loyiha doirasida “Janubiy Olamushuk” neftni tayyorlash inshootida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
• 2 ta isitish liniyali moslama o‘rnatildi.
• Avariya holatdagi 29 kilometrdan ziyod neft yig‘uvchi kollektorlar almashtirildi.
• Umumiy uzunligi 2,3 kilometr bo‘lgan yuqori bosimli suv quvurlari va mavjud zaxiralardan foydalanilgan holda 12 km quvurlar tortildi.
• 4 ta RVS (vertikal rezervuarlar) ta’mirlandi.
Quduqlardan qazib olinayotgan neft debitini oshirish maqsadida 2023 yilda stekloplastik shtangalarni o‘rnatish va plunjerli tushiriladigan chiziqli dvigatellarni joriy etish rejalashtirilgan.