Turbodetander agregatida ta’mirlash ishlari muvaffaqiyatli yakunlanib ishga tushirildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish hajmini oshirish va texnologik tarmoqlardagi barqarorlikni ta’minlash maqsadida qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi gazni past haroratda separatsiyalash 3/4- navbatining 3- texnologik tarmog‘ida tabiiy gazni past haroratda sovutib tarkibidan suyuq uglevodorodlarni ajratib olishda qo‘llaniladigan turbodetander agregati muvaffaqiyatli ta’mirlanib, qaytadan ishga tushirildi.
Qayd etish joizki, tabiiy gazni kompleks tayyorlash jarayonlarida past haroratda separatsiyalash texnologiyasi joriy qilingan bo‘lib, bunda gaz tarkibidan suyuq uglevodorodlarni ajratib olish orqali gaz talab darajasigacha quritiladi. Mazkur jarayonda kunlik 5 million kub metr tabiiy gazni qabul qilish quvvatiga ega bo‘lgan turbodetander agregati muhim o‘rin tutadi.
Agregatni ta’mirlash va qayta ishga qo‘shishda sarf harajatlarni kamaytirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ ichki imkoniyatlaridan foydalanildi. Ya’ni, agregatni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan 2 ta “MESSEN-0952” statori ichki resurslar hisobidan ta’minlandi. Bu esa texnik resurslarni xarid qilishga sarflanadigan mablag‘larni tejash imkonini berdi.
Turbodetander agregatini muvaffaqiyatli ta’mirlash natijasida kompleks tayyorlanayotgan tabiiy gaz sifatini yaxshilash, texnologik tarmoqlar barqarorligi va ishlab chiqarish jarayonini uzluksizligini ta’minlashga erishiladi.