September 26

Nasos va kompressorlar diagnostikasi bo‘yicha tajriba almashildi  

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" AJning Ishlab chiqarishni texnik tartibga solish departamenti va boshqarmalarning sohaga oid xodimlari Rossiyaning Almetyevsk davlat texnologiya universitetida (ADTU) "Markazdan qochma nasos agregatlarining texnik diagnostikasi" yo‘nalishida o‘tkazilgan o‘quv seminarida ishtirok etib qaytishdi.

Mazkur universitet neft va gaz sanoati uchun mutaxassislar tayyorlaydigan nufuzli oliy ta’lim muassasasidan hisoblanadi. O‘quv yurti neftni qayta ishlovchi zavodlarga yaqin joylashgani bois talabalarga amaliyot o‘tashlarida katta imkoniyatlar yaratadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari mazkur o‘quv seminarda texnik diagnostikani avtomatlashtirish, kompressor va nasos agregatlarini markazlashtirish, aylanuvchi qurilmalarda vibratsiyani aniqlash kabi mavzularda ma’ruzalar tinglashdi.

Shuningdek, zamonaviy elektron asboblar yordamida nasoslar va kompressorlarning texnik holatini nazorat qilish va diagnostika qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi.

Seminar doirasida "RIMERA-ALNAS", "SISTEMA-SERVIS" va "TN-Servis" kabi yirik korxonalarning ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar turlari va ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishilib, o‘zaro tajriba almashildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook