“Rahbar ayollar maktabi” da “O‘zbekneftgaz” xodimi ham ishtirok etmoqda
O‘zbekistonda ayollarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish va ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida bir necha yillardan buyon “Rahbar ayollar maktabi” maxsus o‘quv kurslari tashkil etib kelinmoqda.
Loyiha mamlakatimizda faoliyati ijobiy, tashabbuskor, o‘z sohasi bo‘yicha bilim, tajriba va yetarli ko‘nikmalarga ega yetakchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ular imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Ushbu o‘quv kurslarining ochilish marosimi “Yoshlar ijod saroyi”da bo‘lib o‘tdi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan dasturda parlament a’zolari, Administratsiya vakillari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar mas’ullari, o‘quv dasturi ishtirokchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ushbu maxsus o‘quv kurslarining 4-mavsumi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida tashkil etilmoqda. Bu tashabbus ayol rahbarlar malakasini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratib, yuqori kasbiy salohiyatga ega va innovasion islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yosh rahbar ayollarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Maxsus o‘quv kurslarida yurtimiz bo‘ylab bir necha bosqichli tanlov asosida saralangan 100 nafar ayol malakalari oshirilmoqda. Ular orasida “O‘zbekneftgaz” AJ Biznesni istiqbolli rivojlantirish departamenti Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sevara Ibragimova ham bor.
Ta’lim jarayoni yuqori malakali ekspertlar ishtirokida o‘tkaziladi hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini samarali qo‘llash va innovatsion yechimlarni amalga oshirish yo‘llari o‘rgatiladi.