Yangi quduqning burg‘ilash muddati 18 kunga qisqardi
Gazli neft va gaz boshqarmasiga tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan quduqlarni burg‘ilash vaqtini qisqartirish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi tashkil etildi. Bu jarayonda Jamiyatga qarashli 20 dan ortiq burg‘ilash dastgohi raqamlashtirildi.
Markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish qazib chiqarish uchun sarflanadigan vaqtni, xususan, quduqlarni burg‘ilash muddatini 30 foizdan ortiqqa qisqartirish imkonini berayotgani haqida ma’lumot berildi.
Xususan, joriy yilda Gazli hududida 18 ta ekspluatatsiya quduq va 10 ta izlov-qidiruv qudug‘i burg‘ilanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 11 ta ekspluatatsiya va 8 ta izlov-qidiruv qudug‘i tugatildi. Hozirda qolgan ishlar davom ettirilmoqda.
Jurnalistlar “Qulbeshkak” koniga qarashli 76-sonli ekspluatatsiya qudug‘idagi burg‘ilash jarayonlari bilan tanishdi.
Ushbu quduqdagi burg‘ilash ishlari joriy yilning 23 oktyabrida “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MCHJning “ZJ-30” raqamlashtirilgan burg‘ilash dastgohi yordamida boshlangan. Matonatli ishchi-xodimlarning fidokorona mehnatlari evaziga 28 kunda 1818 metrga burg‘ilandi.
Hozirda quduqqa d-219 mm texnik tizmani tushirish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Quduqning loyihaviy chuqurligi 2050 metr bo‘lib, burg‘ilash ishlarini to‘liq yakunlanishiga reja bo‘yicha 20 sutka vaqt sarflanishi (jami 48 sutka) va quduqdan sanoat miqyosidagi gaz oqimi olinib, ishlab-chiqarishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Burg‘ilash dastgohining zamonaviy talab darajasida jihozlanishi, "kunlik-reja" nazoratini kuchaytirish sabab belgilangan loyihaviy muddatdan (loyiha 66 kun) 18 kun avval bajarilishi kutilmoqda.