October 13

Yirik hajmdagi qurilmalar mahalliylashtirilib, 12.9 mln dollar tejaldi

“O‘zbekneftgaz” AJ so‘nggi yillarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirishda muhim qadamlar tashlamoqda.

Jumladan, 2025 yil yanvar–avgust oylarida birgina “shatakka olish” mexanizmi doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda 81 turdagi mahsulot va xizmatlardan 31 tasi muvaffaqiyatli sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tdi. Natijada 208,2 milliard so‘mlik shartnoma imzolandi.

Bu yo‘nalishda ayniqsa, “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning ahamiyati katta. Jamiyat buyurtmasiga ko‘ra, mazkur zavod tomonidan ilk bor tabiiy gazni tozalash jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, yirik hajmdagi adsorber qurilmalari mahalliylashtirildi. Loyihaning iqtisodiy ahamiyati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, adsorber qurilmasini o‘zlashtirish hisobiga 12.9 million dollarlik valyuta tejalib, 111.7 milliard so‘mlik iqtisodiy samaraga erishildi. Bugungi kunda mazkur qurilmalar Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga keltirildi.

Shu bilan birga, kompaniya buyurtmasiga binoan zavod tomonidan 15,4 milliard so‘m qiymatga ega 2 ta boshqa turdagi desorber qurilmasi ham “O‘zbekneftgaz” AJ obyektlariga yetkazib berildi. Gazlarni tozalash va ajratish jarayonlarida qo‘llaniladigan mazkur uskunalar sohadagi texnologik jarayonlarni yanada samarali va barqaror qilishga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik yil sayin yangi turdagi yiriktonnajli uskunalar, ehtiyot qismlar va xizmatlarni o‘zlashtirish orqali nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki xalqaro bozorda ham raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati