Yesterday

“O‘zbekneftgaz” AJ — “Raqamli transformatsiya bo‘yicha yetakchi” nominatsiyasi g‘olibi

19–20 noyabr kunlari Toshkent shahrida IV Xalqaro “Azot va Sintezgaz O‘zbekiston va MDH” kongressi bo‘lib o‘tdi. Yirik sanoat forumida “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari spiker va tinglovchi sifatida faol ishtirok etdi.

Kongress neft-gazni qayta ishlash sohasini modernizatsiya qilish, investisiya loyihalarini amalga oshirish hamda texnologik tajriba almashish masalalariga bag‘ishlandi.

“Sintez-gaz 2025: O‘zbekiston va MDHda rivojlanish tendensiyalari va asosiy ko‘rsatkichlar” mavzusida o‘tkazilgan yalpi majlisda mutaxassislar mahalliylashtirish doirasida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, gaz-kimyo sanoatini modernizatsiya qilish va uning yangi rivojlanish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdilar.

Kongress doirasida shuningdek, innovatsiyalar, qurilish va modernizatsiya uchun muhim investisiyalar, istiqbolli loyihalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga bag‘ishlangan maxsus sessiyalar tashkil etildi. Ularda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar bilan birgalikda sohaga zamonaviy trendlar, texnologik yechimlar va global bozor ehtiyojlari bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, tadbir doirasida B2B va B2G formatlaridagi uchrashuvlar o‘tkazilib, sintez-gaz texnologiyalarini joriy etish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va investitsiyaviy hamkorlikka oid muzokaralar amalga oshirildi.

Kongressning birinchi kunida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ “Raqamli transformatsiya bo‘yicha yetakchi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi. Bu mukofot kompaniyaning sanoatda raqamli yechimlarni joriy etish, innovasion yondashuv va transformatsiya jarayonlarini samarali amalga oshirganini tasdiqlovchi muhim e’tirof bo‘ldi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati