Vengriya kompaniyasi bilan neft-gaz sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” 28-xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Vengriyaning yirik energetika kompaniyasi “MOL Group” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Venger kompaniyasi rahbari Jombor Marton boshchiligidagi delegatsiyaga mamlakatimizda neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash va yangi istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Vengriya kompaniyasining geologiya-qidiruv, uglevodorodlarni qazib chiqarish, qayta ishlash va neft-kimyo yo‘nalishlaridagi xalqaro tajribasi qayd etildi.
Muzokaralar davomida joriy yilning yanvar oyida “O‘zbekneftgaz” tomonidan “MOL Group”ga yuborilgan hamkorlik taklifi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz”ning Ustyurt hududidagi istiqbolli loyihalari, Ozarbayjonning “SOCAR” va Buyuk Britaniyaning “BP” kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik hamda mahsulot taqsimotiga oid bitimlar doirasidagi yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Venger kompaniyasining ushbu yo‘nalishlardagi ishtiroki istiqbolli va o‘zaro manfaatli ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish va aniq loyihalar ustida ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.