Mutaxassislar Tyumen shahrida bo‘lib o‘tgan biznes missiyada ishtirok etdi
“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat delegatsiya Tyumen oblasti gubernatorining taklifiga binoan ushbu o‘lkada bo‘lib o‘tgan biznes missiyada ishtirok etdi.
Ishbilarmonlik missiyasining asosiy maqsadi o‘zaro tajriba almashish, istiqbolli loyihalarni o‘rganish hamda burg‘ilash va quduqlarda kapital ta’mirni amalga oshirish bo‘yicha kooperativ aloqalarni o‘rnatish, soha xodimlarining malaka va bilimlarini oshirish borasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Tashrif dasturi doirasida Tyumen oblasti Savdo-sanoat palatasi, Neft va gaz klasteri uyushmasi, Eksportni qo‘llab-quvvatlash markazi vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda 20 ga yaqin kompaniya va muassasalar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari hamda neft-gaz sanoatida import o‘rnini bosish tajribasi muhokama qilindi. Kompaniyalarning ishlab chiqarish korxonalari va ta’lim muassasalariga tashriflar uyushtirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ hamda Tyumen oblasti hukumati va tadbirkorlari o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Missiya yakunida innovatsion loyihalar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, kadrlarni qayta tayyorlash, import qilinadigan mahsulot va xizmatlarni mahalliylashtirish kabi yo‘nalishlarda dastlabki kelishuvlarga erishildi.