Mutaxassislar “Schlumberger” kompaniyasining xalqaro sertifikatlariga ega bo‘lishdi
“O‘zbekneftgaz” AJ va "Schlumberger" kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuv doirasida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Modellashtirish markazi xodimlari uchun “ProSource Framework Advanced” bo‘yicha "NExT SLB" dasturi asosida malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi.
Ushbu kursni o‘zlashtirishda asosiy e’tibor “ProSource” veb dasturining yangi imkoniyatlari bilan tanishish, ma’lumotlarni yuklash, vizualizatsiya qilish va tezkor eksport qilish usullarini o‘rganish, shuningdek, informativ dashboardlar yaratishga qaratildi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida mazkur dasturiy mahsulotning yangi funksiyalari bo‘yicha barcha topshiriqlar bajarildi va ma’lumotlar bazasini mustaqil boshqarishga yo‘naltirilgan usullar o‘rganildi. Bundan tashqari, mavjud ma’lumotlar bazasiga mazkur usullarni joriy etish maqsadida ularning afzalliklari va kamchiliklari tahlil qilindi.
Xizmat safari davomida mutaxassislar SLB kompaniyasining neft va gaz sohasi uchun ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan “Innovation Factory” bo‘limi faoliyati bilan ham tanishdilar.
Tashrif davomida mutaxassislar jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar, shuningdek, dunyo amaliyotida muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan yechimlar bilan tanishishdi.
Ma’lumotlarni real vaqt rejimida boshqarish texnologiyalari, sun’iy intellektdan foydalanib quduq ishlashidagi anomaliyalarni aniqlash mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, neft va gaz kompaniyalari uchun chat-botlar (lokal Chat GPT) yaratish va qo‘llash ishlari o‘rganildi.
Mutaxassislarning alohida e’tiborini neft va gaz sanoatining ehtiyojlariga moslashtirilishi mumkin bo‘lgan innovasion uskunalar va raqamli yechimlarning namoyishlari tortdi.
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga xalqaro namunadagi sertifikatlar topshirildi.