“O‘zbekiston-Xitoy” magistral gaz quvurining yangi tarmog‘ini qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ, “Trans-Asia Gas Pipeline Co. Ltd” hamda “Asia Trans Gas” LLC o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston-Xitoy magistral gaz quvurining IV liniyasini qurish uchun loyihadan oldingi hujjatlarni tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi “O‘zLITIneftgaz” AJ hamda Xitoyning “China Petroleum Pipeline Engineering” ilmiy-tadqiqot va loyihalash institutlari bilan birgalikda tayyorlanmoqda.
“Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvuri yangi liniyasining umumiy uzunligi qariyb 1000 kilometrni tashkil etib, Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Xitoy hududidan o‘tadi. Uning ishga tushurilishi "Markaziy Osiyo - Xitoy" gaz quvurining umumiy quvvatini 85 milliard kub metrgacha oshirish imkonini beradi.
O‘zbekiston hududidan o‘tadigan quvurning uzunligi 214 km, diametri 1219 - 1422 mm tashkil etadi. U orqali 10-12 MRa bosimli gaz tashiladi. Quvur faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun umumiy quvvati 210 MVt bo‘lgan 2 ta yangi kompressor stansiyasini qurish rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyatidan o‘tadi yangi quvur mavjud uchta tarmoqlar yo‘nalishini takrorlamaydi.