Ham sanoatda, ham hunarmandchilikda chevar ayollar
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasida “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodining bir guruh xotin-qizlari qo‘l mehnati orqali yaratilgan ijod namunalari bilan ishtirok etishdi.
Bugungi kunda Jamiyat markaziy apparati, uning tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat olib borayotgan jami 3 928 nafar ayol orasida ishdan bo‘sh vaqtida kashtachilik, tikuvchilik, to‘quvchilik, rassomchilik, ishlab chiqarish kabi tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yganlari ham bor. Yarmarkada ularga o‘z iqtidorlarini namoyish etishlariga imkon berildi.
Hududiy sanoat yarmarkasiga tashrif buyurgan Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova, viloyat hokimi o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminova “O‘zbekneftgaz” AJning tadbirkor va hunarmand ayollari tomonidan yaratilgan mahsulot namunalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Doktor Sabina Maxl sharqona liboslar, oyoq kiyimlar, taqinchoqlar, qo‘l mehnati namunasi bo‘lgan so‘zanalarga katta qiziqish bildirdi.
Bu imkoniyat xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va kelgusida yangi ish o‘rinlari, mahsulotlar eksporti orqali nafaqat daromad olishlari, mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun keng eshiklarni ochadi.