February 3

Mahalliylashtirish dasturi orqali 798,2 ming AQSH dollari tejaldi

Ruscha

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mahalliylashtirish dasturi doirasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish, shuningdek, tarmoq va hududiy mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, 2024 yilda majmua tomonidan mahalliylashtirish natijasida 4 ta loyiha amalga oshirilib, 398,4 tonna mahsulot qayta ishlandi va 6,89 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Importni qisqartirish, valyuta mablag‘larini tejash va mahalliy korxonalar bilan yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida 798,2 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mahsulot importi kamaytirildi. Shuningdek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga korxona 4,3 mlrd so‘m miqdorida sof foydaga erishdi.

Bu jarayon doirasida mahalliy korxonalar tomonidan har xil o‘lchamdagi metall mahsulotlar, yuqori bosimga bardoshli tekstil va rezina qoplamali yenglar, manometrlar, termoparalar, temir kuporosi, suvni tozalash va qayta ishlash uchun kimyoviy moddalar, issiqlik almashinish qurilmalari kabi material-texnik resurslar o‘zlashtirildi.

Buxoro, Nukus, Qarshi va Toshkent shaharlarida tashkil etilgan sanoat yarmarkalarida mahalliy korxonalarning yangi o‘zlashtirilgan mahsulotlari o‘rganilib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Ushbu loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi majmuaning rentabelligini oshirish, mehnat jamoasining daromadlarini ko‘tarish, shuningdek, mamlakatimiz sanoati va iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shish, mahalliy aholining turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook