Endi haftaning bir kuni mahalliylashtirish va kooperatsiya kuni bo‘ladi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy korxonalar bilan hamkorlikni mustahkamlash va xaridlar jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida, haftaning har seshanba kuni “Mahalliylashtirish va kooperatsiya kuni” deb e’lon qilindi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlashga va milliy sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan.
Shu kun mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlarni tahlil qilish hamda kelgusidagi istiqbolli rejalarni belgilashga bag‘ishlanadi.
Uchrashuvlarda sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi, tarmoqlararo hamkorlikdagi mavjud to‘siqlar muhokama qilinib, ularga yechimlar taklif etiladi. Ochiq muhokamalarda barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi ta’minlanadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy sanoat korxonalari bilan mahsulotlar ishlab chiqarish, ularning sanoat-tajriba sinovlari va laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish borasida hamkorlik qilishni kengaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jamiyatning ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni mahalliylashtirish va o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlarni “O‘zbekneftgaz” AJ Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish departamentining +99878 207 72 27 (2339, 2322) telefon raqamlari orqali olish mumkin.