July 30

AQSH kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

“Oʻzbekneftgaz” AJda AQSHning muhandislik, loyihalarni boshqarish va texnologik yechimlar sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri — “Kellogg Brown & Root” (KBR) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish joizki, “KBR” kompaniyasi “Shell”, “ExxonMobil”, “Chevron”, “BP”, “Saudi Aramco”, “ADNOC”, “TotalEnergies”, “SOCAR” kabi yirik xalqaro kompaniyalar uchun murakkab sanoat va energetika loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Muloqot davomida neft va gaz sanoatida amalga oshirilayotgan hamda rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, zamonaviy muhandislik yechimlarini joriy etish, loyihalash jarayonlarini takomillashtirish, loyihalarni boshqarish, texnik ekspertiza o‘tkazish, xalqaro standartlar asosida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda yirik sanoat obyektlarini samarali va belgilangan muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalar bo‘yicha amaliy muloqotni davom ettirish hamda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati