Yesterday

CNPC kompaniyasi bilan hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda

Ruscha

Avval xabar berilganidek “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari “SNPC” neft-gaz kompaniyasi Janubiy-Gʻarbiy neft va gaz qazib chiqarish korxonasida tajriba almashish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lgan edilar. O‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va eng yaxshi tajribalarni qazib chiqarish jarayonlarida tadbiq qilish maqsadida shu kunlarda Xitoyning “SNPC” neft-gaz kompaniyasining “CNODC”, Janubiy-Gʻarbiy neft va gaz qazib chiqarish kompaniyasi hamda Ilmiy-tadqiqot va muhandis-texnologiya instituti mutaxassislaridan iborat delegatsiya “O‘zbekneftgaz” AJ ga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mehmonlarga “O‘zbekneftgaz” AJda tabiiy gaz qazib chiqarish, tayyorlash va qayta ishlash jarayonlari, xalqaro neftservis kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida taqdimot qilindi.

Shuningdek, Janubiy-Gʻarbiy neft va gaz qazib chiqarish korxonasiga tashrif davomida erishilgan o‘zaro kelishuvlar bo‘yicha suvlanganlik darajasi yuqori bo‘lgan konlardagi quduqlarda sinov tariqasida plunjer-nasos qurilmalarini qo‘llash yuzasidan texnik ko‘rsatkichlar bo‘yicha fikr almashildi.

Delegatsiya a’zolari “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi “Ye-kon” loyihasi, Konlarni modellashtirish markazi, Quduqlarni burg‘ilashni boshqarish markazi, Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamenti shuningdek, “O‘zLITIneftgaz” AJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Tashrif davomida Muborak va Sho‘rtan neftgaz qazib chiqarish konlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishish hamda quduqlarda plunjer-nasoslarni qo‘llash uchun qo‘shimcha o‘rganishlar rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook