November 22, 2024

Gazli boshqarmasiga press-tur tashkil etildi

Ruscha

Jamiyat axborot xizmati tomonidan Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga press-tur tashkil etildi.

Unda jurnalistlar boshqarmadagi tabiiy gaz qazib chiqarish va dastlabki qayta ishlash jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi konlarda “E-kon” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichi doirasida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 23 ta kondagi 257 ta quduqga 770 dan ortiq bosim va harorat o‘lchov vositalari o‘rnatildi. Shuningdek, quduqlardan ma’lumotlarni “onlayn” olib turish uchun aloqa vositalari ishga tushirildi.

Jurnalistlar dastlab, “Raqamlashtirilgan kon” dasturi bo‘yicha ishga tushirilgan “Uchqir-Nortepa” gazni tayyorlash qurilmasida bo‘lishdi.

Ushbu qurilma orqali “Uchqir” konidan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz tarkibidan suyuqliklar va mexanik birikmalar ajratib olinib, Gazli gazni qayta ishlash zavodiga qayta ishlash uchun yo‘naltirilmoqda.

OAV vakillari qurilmaning masofadan doimiy nazorat qiluvchi “Ye-kon” dasturiy platformasi ish jarayonida ishtirok etishdi. Qurilmaning raqamlashtirilishi natijasida operatsiyalarga sarf etiladigan vaqtni kamaytirish va tezkor qarorlar qabul qilinishi ta’minlanmoqda.

Dastur doirasida "Uchqir” konida 3 ta, kunlik umumiy quvvati 2.5 mln kub metr bo‘lgan Gazni tayyorlash qurilmasi qurib foydalanishga topshirilgan. Ularni loyihalashtirish ishlari “O‘zLITIneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilib, texnologik apparatlar (separator, degazator va sig‘imlar) “O‘zbekkimyomash Zavodi” AJ tomonidan tayyorlab yetkazib berildi.

“Uchqir” koni 1960 yilda ochilgan bo‘lib, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida joylashgan. Konda hozirgi kunda 29 ta ishlatishda bo‘lgan quduqdan qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz Gazni tayyorlash qurilmalarida dastlabki tayyorlanmoqda.

Press-tur davom etmoqda.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook