May 23, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Samarqand shahrida “License End User Forum” - sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarining I-forumi o‘tkazildi

Ruscha

Samarqand shahrida “License End User Forum” - sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarining I-forumi o‘tkazildi. Forum “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “Uzbekistan GTL” tomonidan tashkil etildi.

Unda "GTL" uskunalaridan foydalanadigan kompaniyalardan 65 dan ortiq muhandis va texnik xodimlar ishtirok etdi.

Ushbu forumning asosiy maqsadi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Ishtirokchilar anjumanda "GTL" texnologiyasining dolzarb masalalarini muhokama qilishib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, texnologiyalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab olishdi.

Qayd etish joizki, "GTL" texnologiyasi tabiiy gaz resurslariga ega mamlakatlarga odatda xom neftdan qayta ishlanadigan qimmatbaho suyuq yoqilg‘ilarni ishlab chiqarish imkonini beradi.

Uch kun davomida "GTL" uskunalaridan foydalanuvchi muhandis va texnik xodimlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, rivojlanish istiqbollarini rejalashtirdilar va "GTL" texnologiyasidagi potensial yangiliklarni, xususan, samaradorlikni oshiradigan yangiliklarni muhokama qilishdi.

Anjuman davomida jahondagi yetakchi "GTL" zavodlari, jumladan "Uzbekistan GTL", "Oryx GTL", "Escravos GTL" va "Topsoe SynCOR" bo‘yicha texnik tadqiqotlar taqdim etildi.

Ishtirokchilar, tadbir doirasida Qashqadaryo viloyatida bunyod etilgan "Uzbekistan GTL" zavodiga ham tashrif buyurishdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|