May 15, 2025

Energetika sohasida malaka va iqtidorni rivojlantirish yo‘llari muhokama qilindi

Ruscha

“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025” 27-xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “Energetikada inson resurslarini rejalashtirish” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning energetika, sanoat, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Sessiyaning moderatori sifatida ishtirok etgan “Person Hunters” bosh direktori o‘z nutqida energetika kabi strategik soha uchun inson resurslari bilan ishlashda uzoq muddatli rejalashtirish, zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni yetishtirish va iqtidorlarni aniqlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, yoqilg‘i-energetika kompleksi mutaxassislarining malakasini uzluksiz oshirish dasturlari va ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ishlab chiqarish va xavfsizlik sohasida xalqaro standartlarni joriy etish va ularga mos kadrlar tayyorlash kabi bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, yuqori malakali mutaxassislarni tanlash, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlari, iqtidorli yosh kadrlarni jalb qilish va ularni sohada olib qolish choralari, kelajakda talab yuqori bo‘ladigan energetik yo‘nalishlarni oldindan bashorat qilish va tegishli kadrlar zahirasini tayyorlashga asosiy e’tibor qaratildi.

Panel ishtirokchilari inson resurslari salohiyati energetika sohasidagi barqaror rivojlanishning asosiy ustuni ekanini qayd etishdi.

Sessiya yakunida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati