March 20

Import mahsulotlarini mahalliylashtiruvchi korxonalar imkoniyatlari namoyish etildi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ va Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti (INTI) hamkorligida o‘tkazilgan “Texnik kun” xalqaro konferensiyasi kun tartibida import mahsulotlarini o‘zlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlash joizki, Prezidentning “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Jamiyat tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan tizimli hamkorlik tashkil etilgan.

Tadbirda ayni paytda respublikamizda neft va gaz sanoati korxonalari ehtiyojlari uchun turli uskunalar va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirishda faollik ko‘rsatayotgan “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ va “NUQT’A” MCHJ korxonalari imkoniyatlari namoyish etildi.

Anjuman doirasida xorijiy turdosh kompaniyalar vakillari ushbu mahalliy korxonalarning texnologik quvvatlari, mavjud asbob-uskunalari va ishlab chiqarish hajmi, mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalari bilan tanishtirildi.

Taqdimotlar so‘nggida sohaga ixtisoslashgan yirik xorijiy va mahalliy korxonalar tomonidan import mahsulotlarini mahalliylashtirishning zamonaviy yechimlari haqida o‘zaro tajriba almashildi.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ kimyo, neft-kimyo, gazni qayta ishlash, yuqori bosim o‘tkazgichlar, apparatlar ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi korxonalardan biri bo‘lsa, “NUQT’A” MCHJ esa nazorat-o‘lchash uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook