June 9

Tatariston sanoat klasterlari bilan kooperatsiya aloqalari kengaymoqda

Ruscha

“Innoprom-2025” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida erishilgan kelishuvlar asosida “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari va Tatariston Respublikasi Sanoat klasterlari vakillari o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad energetik mashinasozlik sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Tatariston Respublikasi Sanoat klasteri vakillari tomonidan “Energetik mashinasozlik mahsulotlarini ilgari surish bo‘yicha yagona markaz” loyihasi taqdim etildi.

Ushbu tashabbus mintaqadagi korxonalarning yuqori texnologiyali mahsulotlarini jahon bozoriga, jumladan, MDH bozorlariga chiqarishda hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Mutaxassislar tomonidan neft-gaz sanoati uchun kompleks texnologik yechimlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari alohida muhokama etildi.

Shuningdek, energetika, neft-kimyo, neftni qayta ishlash, metallurgiya va mashinasozlik sohalarida to‘liq injiniring siklini amalga oshiradigan “KER-Xolding” boshqaruv kompaniyasining faoliyati yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, “AR SERVICE – Sifrovoy inspektor” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar orqali nazorat samaradorligini oshirish uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha reallik (AR) texnologiyalariga asoslangan innovasion yechimlar taqdim etildi.

Tomonlar bu kabi AR-texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish imkoniyatlarini va sanoat-texnologik kooperatsiya istiqbollarini muhokama qilishdi.

Uchrashuv yakunida taqdim etilgan ma’lumotlarni batafsil o‘rganish, taklif etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqish ishlarini olib borish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni amaliy yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati