Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Asia Trans Gas» MCHJ hamda «New Silk Road Oil and Gas» MCHJ qo‘shma korxonalari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda dastlab, qo‘shma korxonalar vakillari tomonidan joriy faoliyat natijalari va istiqbolli tashabbuslar taqdim etildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar uglevodorodlarni qidirish, qazib olish va transportirovka qilish bo‘yicha joriy va kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar. Shu bilan birga 2026 yilda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar rejasi muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida Xitoy Xalq Respublikasining yirik neft-gaz korporatsiyasi “CNPC”ning Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha rahbariyati bilan uchrashuvni tashkil etish va bugungi kundagi dolzarb vazifalarni inobatga olgan istiqboldagi rejalar aks ettirilgan “Yo‘l xaritasi“ni tuzish uchun Ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.