April 4

Gaz konlarining yer usti infratuzilmasi rivojlantirilmoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ gaz konlaridan uglevodorodlar qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash, tabiiy gaz quvurlaridagi gidravlik qarshiliklarning oldini olish va bosimlar yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida yer usti infratuzilma ob’yektlari rivojlantirilmoqda. Shu maqsadda tizimli tarzda qator texnologik tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “O‘rtabuloq” konidagi 1 va 2 - sonli gaz yig‘uv joylaridagi quduqlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida Gazni tayyorlash qurilmasini qurish hamda ushbu qurilmadan gazni “Dengizko‘l” konidagi 2-sonli Siquv kompressor stansiyasiga uzatish uchun qo‘shimcha gaz quvuri montaj qilindi.

Ushbu tadbirlar samarasi o‘laroq qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan qatlam suvlari ajratib olinib, quvurlardagi gidravlik qarshiliklar kamaytirildi. Shuningdek yangi quvur orqali “Dengizko‘l” konidagi 2-sonli Siquv kompressor stansiyasi agregatlarida gaz bosimini oshirib berish ta’minlanmoqda.

Natijada Muborak boshqarmasi konlaridan kunlik qo‘shimcha 120 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati