December 29, 2025

Dolzarb 100 kunlik doirasida mahalliylashtirish va kooperatsiya kuni o‘tkazildi

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish vazifasi belgilab berilgan.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJda samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan dolzarb 100 kunlik tadbirlar rejasi asosida mahalliylashtirish va kooperatsiya kuni o‘tkazildi.

Unda Jamiyat tizimi ehtiyojlari uchun import hisobidan xarid qilinayotgan mahsulot va xizmatlarni mahalliy korxonalar bilan maqsadli o‘zlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, “TPE-CNC” MCHJ va “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari o‘rtasida videokonferensaloqa tashkil etildi. Unda tizim korxonalaridagi ta’mirlash-mexanika bo‘linmasi faoliyatini takomillashtirish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida jamiyat Boshqaruv raisi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy va shaffof hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xaridlar jarayonida iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida mahalliy korxona tomonidan ijobiy natija bergan loyihalar bo‘yicha ma’lumot taqdim etish va ularni joyiga chiqqan holda o‘rganishga kelishib olindi. Shuningdek, tizim korxonalaridagi ta’mirlash-mexanika bo‘linmalarida mavjud 200 dan ortiq uskuna va qurilmalarni texnik auditdan o‘tkazish, ularning ro‘yxatini shakllantirish hamda markazlashgan ta’mirlash-mexanika syexini tashkil etish bo‘yicha takliflarni hamkorlikda ishlab chiqishga qaror qilindi.

Ma’lumot uchun: “TPE-CNC” MCHJ 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Germaniya texnologiyalari asosida elektroqurilmalarni ta’mirlash, raqamli boshqaruv uskunalarini ishlatish, mutaxassislar tayyorlash hamda remuhandislik yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Korxona avtosanoat, metallurgiya, avtomobilsozlik va mudofaa sohalaridagi korxonalarda ta’mirlash-mexanika syexlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha amaliy tajribaga ega.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati