Import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulot o‘zlashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining muvofiq, mamlakatda ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda. Ushbu tadbirlarga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJ mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan “Black treasure” MCHJda tashkil etilgan tadbirda ham ishlab chiqarilayotgan har xil turdagi kimyoviy reagentlar va ko‘mir mahsulotlari haqida batafsil ma’lumotlar olindi.
Shuningdek, mutaxassislar korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, o‘rnatilgan uskunalar va sinov laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdilar.
Mahalliy korxona tomonidan taqdim etilgan yangi mahsulotlar orasida kokosdan tayyorlangan aktivlashtirilgan ko‘mir tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi. Ta’kidlanishicha, ushbu mahsulot hozirda Jamiyatga qarashli korxonalarda ishlatilayotgan aktivlashtirilgan ko‘mirga nisbatan 20-30 foizga samaraliroq bo‘lib, qayta ishlatish imkoniyatiga ham ega. Bu esa “O‘zbekneftgaz” korxonalarida mahsulotni qo‘llash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalar uchun importdan xarid qilinayotgan kimyoviy reagentlarning mazkur korxona tomonidan o‘zlashtirilgan sinov partiyasi laboratoriya sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchi kelgusida ushbu mahsulotlarni ommaviy ishlab chiqarish uchun to‘liq imkoniyatga ega ekanligini ma’lum qildi.
Muzokaralar yakunida mahalliy korxona bilan kelgusidagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, kooperatsiyani yanada rivojlantirish uchun muammolarni joyida o‘rganish va hal etish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish rejalashtirildi.