December 12

Korrupsiyaga qarshi kurashganlar taqdirlandi


Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat hujjatlarni tekshirish bilan cheklanmay, balki butun boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, ochiqlikni ta’minlash va xodimlar orasida halollik madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan kompleks boshqaruv tizimiga aylangan.

2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar buni yaqqol tasdiqlaydi:

• Markaziy apparat tomonidan 632 ta, hududiy bo‘linmalar tomonidan esa 5 046 ta shartnoma va hujjat komplayens ekspertizasidan o‘tkazilib, ularning shaffof va qonuniy rasmiylashtirilishi ta’minlandi.

• Monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 62 nafar mas’ul xodimga intizomiy choralar qo‘llandi, bu esa oldini olish mexanizmlarining amalda ishlayotganidan dalolat beradi.

• Lavozimlarga tayinlanishi rejalashtirilgan 163 nafar nomzod bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilib, ulardan 3 nafari bo‘yicha salbiy xulosa berildi va ularning tizimga kirishiga yo‘l qo‘yilmadi.

• “Ochiq aloqa” platformalari orqali kelib tushgan 53 ta murojaatning 51 tasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, fuqarolar va xodimlar murojaatlariga tezkor va ochiq munosabat ta’minlandi.

• Xodimlar ongini oshirish maqsadida Jamiyat tasarrufidagi korxonalarda 14 mingdan ortiq xodimni qamrab olgan seminar-treninglar tashkil etildi.

• Manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasini to‘ldirish to‘liq elektron tizimga o‘tkazilib, inson omilini kamaytirish, jarayonlarni tezlashtirish va shaffof nazorat mexanizmini yaratish imkoni tug‘ildi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning vijdonli mehnati va halollik tamoyillariga sodiqligi alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamentining eng faol xodimlari ko‘rsatgan yuqori mas’uliyati, samarali ishlari va halollik tamoyillariga qo‘shgan hissasi uchun tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati