“Uzun suv” — bir yillik ishonch va izlanish mevasi
Roppa-rosa bir yil oldin “O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan Toshkent tumanida tashkil etilgan Yoshlar markazlari bolakaylarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni ijod, fan, sport va madaniyatga jalb qilishda muhim maskanga aylanib, haqiqiy imkoniyatlar maydoni bo’ldi.
Shu vaqt davomida turli tadbirlar, uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etildi. Ijodga qiziqqan yoshlar aniqlanib, ular muntazam rag‘batlantirib borildi. O‘qituvchilar va mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi. Eng muhimi, yoshlarimiz bu e’tiborni his qildi, o‘z salohiyatiga ishona boshladi.
Aynan shunday tizimli va maqsadli ishlar natijasida ushbu “Uzun suv” to‘plami kitob sifatida nashr etildi. Unda tumandagi iqtidorli yoshlarning she’r, hikoya va esselari jamlangan. Bu kitob — ularning ilk qadamları, ilk yutug’i deyish mumkin.
To‘plam “O‘zbekneftgaz” AJning ko‘magida nashr etilgani — kompaniyaning yoshlarga bo‘lgan mehri va mas’uliyatini yana bir bor namoyon etadi.
Tadbirda ijodkor o‘quvchilar, ustozlar, ota-onalar, tuman hokimligi madaniyat bo‘limi vakillari hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdilar.
To‘plam mualliflari o‘z ijod namunalari bilan qatnashib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldilar. Taqdimot tadbirida ishtirok etgan yozuvchi va shoir Bobur Bobomurod bunday loyihalar yosh qalamkashlar ijodida katta turtki bo‘lishini alohida ta’kidladi.
“Uzun suv” — bu yangi yo‘l, yangi nafas, yosh iste’dodlarning ichki ovozi va kelajakka bo‘lgan ishonchidir.