September 8, 2023

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasining AQSHga tashrifi amalga oshirildi

Ruscha

Joriy yilning 3-6 sentyabr kunlari "O‘zbekneftgaz" AJ delegatsiyasi AQSHda amaliy tashrif bilan bo‘lib, “Air Products”, “Honeywell Process Solutions”, “Schlumberger”, “Exxon Mobil” kabi dunyodagi yirik kompaniyalar hamda “Vortex Tools” va “Solar Turbines” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

AQSH kompaniyalari bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlarda tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirilishining bugungi holatini muhokama qildilar, shuningdek, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini alohida ko‘rib chiqdilar.

Xususan, “Air Products” kompaniyasi Prezidenti S. Gassemi bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining energetika sohasida yangi loyihalarni ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tashrif doirasida “Air Products” texnologik markaziga ham tashrif buyurildi.

“Schlumberger” kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti X. Al Mogarbel bilan uchrashuv ham samarali o‘tdi. Unda hozirgi qo‘shma hamkorlik muhokama qilindi, shuningdek, uglevodorodlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, geologik-qidiruv ishlarini jadallashtirishga qaratilgan ishlar bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar belgilab olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJning ko‘p yillik hamkori – “Honeywell Process Solutions” kompaniyasi bilan uglevodorodlar va sintetik mahsulotlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Delegatsiyani kompaniya prezidenti P. Maheshvari qabul qildi.

“Exxon Mobil” kompaniyasi vise-prezidenti N. Von xonim bilan samarali muzokaralar olib borildi. Tomonlar neft va neft mahsulotlarini chuqur qayta ishlash jarayonlarini lisenziyalash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, shu jumladan, bazaviy loyihalash, dasturiy injiniring, loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlarni muhokama qildilar.

“Solar Turbines” kompaniyasi bilan energetika tarmog‘i uchun gaz turbinali dvigatellar va vodorod ishlab chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish markazini mamlakatdagi salohiyatli hajmlarni hisobga olgan holda tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar.

“Vortex Tools” kompaniyasi prezidenti A.Miller bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Amerika tomoni quduqlarda tabiiy gaz oqimining ko‘payishini ta’minlaydigan yechimlarni taklif qildi. Tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish jarayonlarida “Vortex Tools” texnologiyasini qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish uchun zarur ma’lumotlarni almashishga qaror qildilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube