Yesterday

Boysun: kondagi tabiiy va texnogen avariyani bartaraf etishga nufuzli xorijiy kompaniyalar jalb etilmoqda

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” konida yuzaga kelgan avariya holatini bartaraf etish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov bugun konni koʻzdan kechirdi.

Voqea joyida masʼullar bilan muloqot qilib, konning texnik holati, koʻrilgan xavfsizlik choralari hamda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi.

Hozirda mazkur konda yuzaga kelgan texnogen holatni bartaraf etish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ ilgʻor xalqaro kompaniyalar bilan muloqot olib bormoqda.

Qayd etish joizki, Jamiyat Boshqaruv raisining Xitoyga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida neft va gaz sohasida dunyodagi top 3 likka kiruvchi Xitoyning “CNPC” korporatsiyasi prezidenti bilan boʻlib oʻtgan muloqotda shu masala ham muhokama qilingan edi.

Bugungi kunda “CNPC” korporatsiyasi hamda AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi ekspertlaridan ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish orqali kondagi vaziyatni barqarorlashtirish va avariyani bartaraf etish ishlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish yuzasidan takliflar olinishi kutilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati