"Oʻzbekneftgaz" va Belarus: texnologik hamkorlikda qanday imkoniyatlar bor?
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi oʻrinbosari Farid Moʻminov va Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqotda Jamiyat uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish va istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, Belarus korxonalarining texnologik uskunalar yetkazib berish va zamonaviy texnik yechimlarni tatbiq etish boʻyicha takliflarini jamiyatning ishlab chiqarish ehtiyojlari qarab koʻrib chiqishga qiziqish bildirildi.
Shuningdek ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnologik jarayonlarni takomillashtirish va zamonaviy uskunalarni joriy etish imkoniyatlariga eʼtibor qaratildi.
Muhokama chogʻida ishlab chiqarish obyektlarini raqamlashtirish, jumladan, texnologik obyektlarni avtomatlashtirish, monitoring tizimlarini joriy etish va ishlab chiqarishni boshqarish samaradorligini oshirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Sanoat uskunalari va maxsus texnika ishlab chiqaruvchi Belarus korxonalari bilan hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashildi. Ularning mahsulotlarini “Oʻzbekneftgaz” AJ ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllash imkoniyatlarini baholash maqsadida texnik maʼlumotlar, mahsulot kataloglari va tijorat takliflari almashinuvini tashkil etish taklifi bildirildi.